"ZAMONAVIY TADQIQOTLAR VA BARQAROR RIVOJLANISH" respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
ACHATINA FULICA TURINI UY SHAROITIDA SAQLASH, OZIQLANTIRISH VA PARVARISHLASH XUSUSIYATLARI
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti 2-bosqich tayanch doktoranti
Annotatsiya
Mazkur maqolada Achatina fulica turiga mansub quruqlikda yashovchi yirik qorinoyoqli mollyuskalarning uy sharoitida saqlanishi, oziqlanishi, parvarishlanishi va o‘sish ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Tadqiqot materiali sifatida 2 dona Achatina fulica individi olindi. Tadqiqot 5-iyundan 25-iyulgacha, jami 50 kun davomida olib borildi. Tadqiqotning dastlabki kunida, ya’ni 5-iyun kuni har ikkala individning chig‘anoq uzunligi 10 sm, tana og‘irligi esa 13 grammni tashkil etdi. Kuzatuv yakunida, 25-iyul kuni chig‘anoq uzunligi 12 sm, tana og‘irligi 15 grammga yetgani qayd etildi. Mollyuskalar 30 litr hajmli plastik konteynerda, xona harorati 22–25°C sharoitida, 15 sm qalinlikdagi torf tuproq substratida saqlandi. Oziqlantirish jarayonida olma, bodring, sabzi, kabachki, karam bargi va boshqa o‘simlik mahsulotlaridan foydalanildi. Chig‘anoqning rivojlanishi va mustahkamligini ta’minlash maqsadida ozuqaga maydalangan tuxum po‘chog‘i hamda Calcium Triactive D3 qo‘shimchasi berildi. Tadqiqot natijasida kuzatuv davrida mollyuskalarning chig‘anoq uzunligi 2 sm ga, tana og‘irligi esa 2 grammga oshgani aniqlandi. Olingan natijalar Achatina fulica ni uy sharoitida parvarishlashda mos harorat, qulay saqlash muhiti, xilma-xil ozuqa va mineral qo‘shimchalarning muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.
Kalit so'zlar: Achatina fulica, quruqlik mollyuskasi, qorinoyoqli mollyuska, chig‘anoq, oziqlanish, torf tuproq, kalsiy, xona harorati, uy sharoitida parvarishlash, o‘sish.