ilmiy@fdu.uz Fargʻona, Oʻzbekiston

“YANGI AVLOD ILMIY TADQIQOTLARI” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi

USMONIYLAR IMPERIYASI TARIXSHUNOSLIGIDA AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIGA DOIR TADQIQOTLAR

Mamadaliyev, Raxim Rustamovich

Farg‘ona davlat universiteti tayanch doktoranti

2026-06-26 · pp. 545–547 · DOI: 10.5281/zenodo.21742704 · UDK 94

Annotatsiya

Ushbu maqolada Usmoniylar Imperiyasi davrida hamda Turkiya Respublikasining ilk yillarida Amir Temur va temuriylar davri tarixiga doir tadqiqotlar haqida ma’lumotlar keltiriladi. Shuningdek, bu davr tarixiga oid ilk tadqiqotlarning ilmiy ahamiyati tahlil etiladi.

Kalit so'zlar: Usmoniylar Imperiyasi, Turkiya Respublikasi, Amir Temur, temuriylar, tarixshunoslik, Turkiyada Amir Temur tarixi bo‘yicha ilmiy izlanishlar Usmoniylar davlati davridayoq boshlangan. Temuriylar va Usmoniylar davlati o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar tufayli ko‘plab Usmoniylar davri solnomalarida hamda muarrixlar o‘z asarlarida Amir Temur va uning vorislari haqida ma’lumotlar qayd etganlar [5]. Shu bilan birga, Temuriylar davriga oid ayrim fors va arab tilidagi asarlar Usmonli turkchasiga ham tarjima qilingan. Masalan, Amir Temurning hayoti, siyosiy va harbiy faoliyati haqida yozilgan muhim manbalardan biri bo‘lgan Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur” nomli asari Nazmizoda Murtazo tomonidan “Tarih-i Temurlenk” nomi bilan 1699-yilda tarjima qilingan. Vazir Ali Poshsho ko‘rsatmasi bilan arabchadan Usmonli turkchasiga o‘girilgan bu asar, tili murakkabligi tufayli, Bag‘dod hokimi Ismoil Poshsho farmoyishi bilan xuddi shu tarjimon tomonidan qayta soddalashtirilib tarjima qilingan va bu ko‘rinishda 1860 yilda nashr etilgan. Biroq mazkur tarjima asarning barcha qismlarini to‘liq o‘z ichiga olmay, qisqartirilgan va turkchaga moslashtirilgan ko‘rinishda bo‘lgan [4, B.166]. Umumiy tarix mohiyatidagi Mirxondning “Ravzat us-safo” nomli asari ham tarjima qilingan. Vazir Rustam Poshsho farmoyishi bilan tarjimon Mustafa ibn Hasan Shoh tomonidan fors tilidan Usmonli turkchasiga “Hadikat ul-ulyo” nomi bilan 1550- yilda birinchi marta tarjima qilingan ushbu asar, so‘ngra 1555 yilda Balatzoda Mehmed Kamol tomonidan “Tarjumon dustur fi havadis al-azmon va-d-duhur” sarlavhasi bilan ikkinchi marta tarjima qilingan [2, B.373-374. 12]. Ushbu tarjima keyinchalik 1922-yilda Istanbulda nashr etilgan [9, B.248]. Xondamirning fors tilidagi umumiy tarix asari “Habib us-siyar fi ahbor afrod al-bashar” ham Domod Ibrohim Poshsho farmoyishi bilan tarjimonlar hay’ati tomonidan 1725-1726-yillarda forschadan Usmonli turkchasiga o‘girilgan [11, B.158]. Ibrohim Poshsho istagi bilan tarjima qilingan yana bir asar - G‘iyosiddin Naqqoshning “Xitoy safarnomasi”dir. 1419-1421-yillarda Amir Temurning o‘g‘li Shoxruh tomonidan Xitoyga elchi sifatida yuborilgan Xo‘ja G‘iyosiddin Naqqosh tomonidan 1421-1422-yillarda fors tilida yozilgan ushbu safarnomani Kichik Chalabiyzoda Ismoil Osim Afandi “Ajoib ul-latoyif” nomi bilan 1727-1728-yillarda tarjima qilgan [11, B.157, 2. B.1466]. Bizning tadqiqotlarimizga ko‘ra, Usmoniylar Imperiyasi davrida Amir Temur va temuriylar davri tarixiga doir manbalarning tarjimalari shulardan iborat. Bundan tashqari, Vazir Muhammad Rog‘ib Poshsho tomonidan tarjimasi boshlangan, ammo yakunlanmagan Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’ us- sa’dayn” nomli asari ham mavjud bo‘lib, u tugallanmagan tarjima sifatida qolgan [2, B.1466]. Usmonli imperiyasining so‘nggi davrlarida Amir Temur va Temuriylar davlati haqida ilk ilmiy tadqiqotlar e‘lon qilina boshlandi. Bizning izlanishlarimizga ko‘ra, Temuriylar davriga oid birinchi ilmiy maqola M. Nermiyga tegishli bo‘lib, u 1912-yil 12- dekabrda “Turk Yurdu” jurnalida nashr etilgan “1386-yil Qurultoyi va Temur Xonning Eron yurishi” sarlavhali maqoladir [8]. Keyingi yillarda Hofiz Qadriy “Bodrumda Temurlangning qiz nabiralaridan Shazmelikka oid qadimiy bitik” [3] nomli maqolasini “Tarihi Usmoniy Anjumani Majmuasi” jurnalida 1914-yilda e’lon qildi. Sharaf Mehmed esa “Ijtihod” jurnalining 1914-yil 96-99-sonlarida “Islom tarixining cho‘kishi: Chingizxon, Hulagu, Temurlang” [7] nomli maqolalarini e’lon qildi. “Turk Yurdu” jurnalida esa M. Rahmiy 1918-yil 16-mart sanasidagi 5-sonda va shu yilning 15-iyul sanasidagi 10-sonda “Temur Xonning vasiyati”[6] nomli maqolasini nashr ettirgan. “Ijtihod” jurnalining 1925-yil 10-mart sanasidagi 176-sonida Abdulloh Javdat “Ayol va Temurlang” [1] nomli maqolasini nashr etgan. Ushbu maqolalar asosan Amir Temur haqida yozilgan bo‘lsa-da, ular uning davlati va vorislari faoliyatini ham qamrab oladi. Masalan, M. Narmiyning maqolasida Amir Temurning uch yillik yurishi boshlanishida Luristonga uyushtirgan hujumi va qal’ani zabt etishi bayon qilingan [8, B.115-120]. Abdulloh Javdatning “Ayol va Temurlang” nomli maqolasi esa e’tiborga molik asarlardan biridir. Mazkur maqola rus yozuvchisi Maksim Gorkiyning “Temur va ona haqida afsona” hikoyasini tahlil qilishga bag‘ishlangan [13]. Abdulloh Javdat hikoyani Ozarbayjon Demokratik Respublikasining asoschisi Muhammad Amin Rasulzodaning tarjimasi orqali o‘qigan va tahlil matni yozgan[1, B.3527-3530]. Turkiya Respublikasining tashkil topgan dastlabki yillarida Temuriylar davriga oid tadqiqotlar soni ko‘p emas. Amir Temur haqida Turkiya Respublikasi davrida yozilgan ilk asar Rashod Akram Ko‘chiyning asaridir [10]. Ammo ushbu asar tarixiy tadqiqot emas, adabi asar sifatida bo‘lib, akademik tarixiy tadqiqot xususiyatiga ega emas

To'liq matn (PDF)

Havola nusxalandi