“YANGI AVLOD ILMIY TADQIQOTLARI” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
MILLIY MUSIQA SANʻATIDA CHOLGʻU IJROCHILIGINI OʻQITISHDAGI MUHIM MASALALAR
Fargʻona davlat universiteti, Vokal va cholgʻu ijrochiligi kafedrasi, katta oʻqituvchisi
Annotatsiya
Mazkur maqolada o‘zbek milliy musiqa san’atini o‘qitishdagi bir qator dolzarb muammolar va ularni yechimalari, maqom san’atini talabalarga o‘rgatishdagi ilg‘or tajribalarni qo‘llash bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Kalit so'zlar: milliy musiqa, maqom san’ati, cholg‘u ijrochiligi, honandalik san’ati, ijrochilik Dunyoda har bir millatning milliy qadryatlari, mumtoz musiqasi xalqning yuksak hurmat eʻtiborida boʻladi. Oʻzbek xalqining mumtoz musiqasi ham necha ming yillardan beri asrab, avaylanib avlodlarga yetkazib kelinmoqda. Bugun yurtimizda milliy musiqa, hususan, mumtoz musiqamizga boʻlgan eʻtibor har doimgidan ham yuksak darajada desak mubolagʻa boʻlmaydi. Prezidentimiz SH.M.Mirziyoevning 2017 yil 17 noyabrdagi PQ-3391-sonli “Oʻzbek milliy maqom sanʻatini yanada rivojlantirish chora tadbirlari”[1] toʻgʻrisidagi qarori, vazirlar mahkasining qarorlari, madaniyat vazirligi tomonidan qabul qilinayotgan qator qaror va farmonlar mumtoz musiqamizga boʻlgan yuksak xurmat namunasidir. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Oʻzbekistonda birinchi bor Qarshi shahrida “Xalqaro maqom anjumani”ning oʻtkazilishi, har bir viloyatlarda “Maqom markazlari” ning tashkil etilishi ularning faoliyatlariga alohida eʻtibor berilishi tahsinga sazovordir. Shu bilan birga milliy musiqa sanʻatida yutuqlar bilan bir qatorda kamchilik va muammolar mavjudligi aniqlanmoqda. Milliy musiqa sanʻatini yoshlarga oʻrgatish, taʻlim-tarbiya berishda, sanʻat maktablari va shu sohadagi oʻquv yurtlarining malakali kadrlari muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbek an’anaviy cholg‘u ijrochiligi madaniyati birinchi marta cholg‘u, ijrochilik va musiqa tarkiblarini birlashtiruvchi yaxlit hodisa sifatida o‘rganiladi. Maishiy turmush va madaniyatni tovush hosil qilish tizimi va cholg‘u ijrochiligi badiiy darajasiga ta’sirini tadqiq qilishga e’tibor qaratiladi. O‘zbek musiqa sohasida birinchi marta xalq an’anaviy tafakkuri va sozanda tovush timsoli hamda “ijrochilik” tushunchasi konsepsiyasi ilmiy muomalaga kiritiladi[2, 26 ]. Moskvada tahsil olgan Sh.Sulaymon yozadi: “boshqa xalqlarnikiga qaraganda oz bo‘lsada ko‘proq bizning ham ota-bobolarimizdan va eski zamonlardan qolgan ko‘pgina kuylarimiz, ashulalarimiz bordirki, bu kunda ularning ko‘plari unutilib ketmoqda... milliy kuylarimizning qadr-qimmatini bilgan Ovro‘po musiqashunoslari bugun bizning kuylarimizni xususiy suratda notaga olmoqdalar. Muhiddin qori Yoqubiy, Gʻulom Zafariylardan foydalanib Mironovning chiqargan “Sharq notalari” bunga ochiq shohiddir. Turkistonda boshqa ko‘p ishlar qatorida bizning kuylarimiz, milliy qo‘shiqlarimiz ko‘zga olinmayin unutilib yotadur. Ular uchun musiqa kuy maktablari, konservatoriyalar yo‘qdir[3] Birinchi masala: malakali kadrlar tayyorlash masalasi hozirgi kunda nafaqat sanʻat sohasida, balki, boshqa yetakchi sohalarda ham dolzarb masala sanaladi. Sanʻat va madaniyat sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashda musiqa va sanʻat maktablari, ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʻat maktablarining oʻrni muhim va asosiy taʻlim beruvchi tizim hisoblanadi. Musiqani chuqur oʻrgatish va uni oʻzlashtirishda asosiy hisoblangan oʻrta boʻgʻin, yaʻni, kasb-hunar taʻlimi tizimidagi yangi islohotlar natijasida oʻquv tizimi 3 yillikdan 2 yillikga oʻtkazilishi, oʻquvchilarni shu sohada chuqur bilim olishida yetarli muddat emasligini koʻrsatmoqda. Sababi: ushbu muddat ichida oʻquvchi kerakli bilim va koʻnikmalarni toʻla qonli olishga erisholmaydi. Masalan, hozirgi sanʻat kollejining 2- bosqich “Anʻanaviy cholgʻular ijrochisi” mutaxassisligi boʻyicha taʻlim oluvchi oʻquvchilarida haftalik soatlari: umumtaʻlim maktabi dasturidagi soatlar 28 soat (1 akademik oʻquv soati 45 minutni tashkil etadi), mutaxassislikka ajratilgan soatlar esa 3 soatni (Ansambl va boshqa mutaxassislikka oid fanlardan tashqari)tashkil etadi. Yillik oʻquv soatlarida umumtaʻlim fanlari 40 % ni, mutahassisilik fanlariga ajratilgan fanlar esa 60 % ni tashkil etyapti. Boʻlgʻusi sozanda yoki xonandani musiqiy bilim olishida asosiy fan mutaxassisilik hisoblanmaydimi? Bu masalaning birinchi tomoni, ikkinchi tomoni bolalar musiqa va sanʻat maktablaridagi mutaxassis kadrlar yetishmasligi natijasida kollej tizimiga oʻquvchilarni qabul qilish jarayonida (Anʻanaviy cholgʻular ijrochisi mutaxassisligiga) “Chang”, “Qonun”, “Ud”, “Nay”, “Qoʻshnay” kabi cholgʻu sozlarida birmuncha muammolar yuzaga kelmoqda. Sababi, oʻquvchilarni har bir cholgʻuga tanlov asosida qabul qilinadi. Iqtidori, ijrochilik mahorati, musiqiy bilimi va ijrosini hisobga olgan holda boshqa cholgʻuda kelgan oʻquvchilarni ushbu cholgʻu sozlariga tanlab olayapmiz. Bu oʻquvchilarga yuqoridagi cholgʻuni talab darajasida uning yetuk ijrochiligiga erishtirish jarayonida oʻquv muddati yetarli emasligi hammamizga maʻlum. Masalani yana bir tomoni, bolalar musiqa va sanʻat maktabi tizimida milliy musiqamizni oʻrgatuvchi “Anʻanaviy ijrochilik” boʻlimlari hamma maktablarda mavjud emasligi, yoki bor boʻlsa ham maxsus cholgʻu mutaxassisligiga ega boʻlgan sifatli kadrlar bilan taʻminlanmaganligi sabab boʻlmoqda. Shu sababli turli muammolar yuzaga kelmoqda. Ikkinchi masala: adabiyotlar masalasi. Adabiyotlarning aynan milliy ijrochilikni oʻqitishga hos boʻlgan adabiyotlar yetishmasligi. Mavjud adabiyotlar har bir cholgʻu ijrochiligi boʻyicha juda kam, yaroqsiz holatga kelib qolgan. Bugungi kunda chop etilayotgan adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv uslubiy qoʻllanmalari talab darajasida deya olmaymiz. Sababi, baʻzi qoʻllanmalarni olib uni taxlil qilib amaliyotga tadbiq etganimizda, uni ichki tizimini oʻqib oʻrganishimiz jaryonida turli kamchilik va sifatsiz maʻlumotlarga duch kelamiz. Nota matni kuy ijrosidan yiroqda. Yaratilayotgan qoʻllanma, oʻquv uslubiy qoʻllanmalarning deyarli 50 %i mualliflarning ilmiy ishlari emas, chunki nota matniga asoslanib ijro etganimizda asarning asosi va uni ijrosi nota matniga mos kelmaydi va xatoliklar bilan beriladi. Kimlarnidir tomonidan notaga tushirilgan, yoki notoʻgʻri ijro etilgan asarning ijrosida nota matniga olinib unga asoslanib chop ettirilayapti. Shu sababli aniq maʻlumotlarga tayangan holda ustozlar ijrosini tinglab, eshitib, oʻzimiz ijro qilib, nota matniga tushirib, shu asosida dars mashgʻulotlarni olib borayapmiz. Anʻanaviy cholgʻularni oʻrgatishda bir qator cholgʻularimizga oid adabiyotlar deyarli juda kam. Chang, qonun, ud, qoʻshnay, doira kabi cholgʻularimizga adabiyotlar yetishmaydi. Masalan: Anʻanaviy doira ijrochiligiga moslab chop etilgan adaiyotlardagi asarlarni Nogʻorada ijro etsa boʻladi. Milliy musiqa ijrochiligi sanʻatida nogʻoraning oʻz oʻrni bor. Lekin maxsus “Nogʻora” cholgʻusiga moslab asarlar saralab chop etilmagan. Yoki “Doira” cholgʻusida ijro etiladigan 15-20 ta asosiy oʻzbek doira usullari asarlaridan boshqa yangi asarlarni biz uchratmayapmiz. Shuning uchun adabiyotlardagi muammolar yuzaga chiqmoqda. Uchinchi masala: Cholgʻu sozlarini yasash va ularni taʻmirlash masalasi. Ijro etilayotgan asarlarning saviyasi cholgʻu sozining mustahkam va sifatli, talabga mos ravishda boʻlishi lozim. Bugungi kunda ustalarimiz tomonidan yasalayotgan cholgʻu sozlarining koʻpchiligi talabga mos kelmaydi. Bolalar musiqa va sanʻat maktablari hisobiga yangi keltirilgan cholgʻu sozlari ham talab darajasida emas. Chunki, cholgʻu yasayotgan ustalarning baʻzilari oʻzlari yasayotgan cholgʻu sozlarini ijro etmaydilar, ijro etishni bilmaydilar. Shu sababli cholgʻu sozlarni oʻlchamlaridagi kamchiliklari, ijrochilikdagi katta tafovutni keltirib chiqaryapti. Misol uchun: Anʻanaviy ijrochilikka xos qilib yasalayotgan “Gʻijjak” cholgʻusini oladigan boʻlsak; Toshkentda yasalayotgan gʻijjaklar dastasi 33 sm, Andijonda 30 sm, Qoʻqonda yoki boshqa vohalarda yasalayotgan gʻijjakning dastasi 32 sm yoki yana boshqacha oʻlchamlarda uchratishimiz mumkin. Biz cholgʻuning kosaxonasini nazarda tutmaymiz. Tarixiy maʻlumotlarga nazar tashlasak ham qadimdan gʻijjakning kosaxonasi turlicha yasalgan, lekin dasta bir xil boʻlgan. Cholgʻu ijrochiligida asosan kuy, asar dasta bilan bogʻliq. Kosaxona ovoz chiqarishga moʻljallangan xolos. Shu sababli ustalarimizdan kosaxona masalasida eʻtirozlarimiz yoʻq. Dastaga kelsak, ustalarimiz turlicha oʻlcham va shaklga keltirib qoʻymoqdalar. Milliy ijrochiligimizdagi asarlar milliy bezak va nola qochirimlarga boy uni toʻliq koʻrsatishda mohir ijrochi bilan birg qatorda cholgʻuning dastasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Agar cholgʻu sozi sifatli va yaxshi holatda boʻlsa, oʻquvchi ham uni maroq bilan ijro etadi. Bu birgina gʻijjak sozida emas, boshqa sozlarimizda ham koʻplab uchraydi. Yana bir masala chang, doira, ud, qoʻshnay kabi cholgʻu sozlarimizni mohir ustalari allaqachon vafot etganlar. Ularni yasash toʻhtatilgan. Biz ular yasab ketgan cholgʻularni borini asrab avaylab kelyapmiz. Yoki ud, qonun, qoʻshnay cholgʻularini chet mamlakatlardan sotib olayapmiz. Iqtisodiy tarafdan hammaning ham imkoniyatlari qimmat narxlarni koʻtarmaydi. Ayrim cholgʻularimizning narxlari chet el valyutasiga baholanib 200-1000 AQSH dollarigacha boʻlgan narxlarda sotilmoqda. Cholgʻu sozlarini taʻmirlashda ham bir necha muammolar yuzaga kelayapti. Yaxshi, sifatli taʻmirlash ustaxonalari yoʻqligi yoki musiqa, cholgʻu sozlari bilimiga ega boʻlmagan insonlarga koʻplab duch kelyapmiz. Ustalar masalasi judayam dolzarb masala darajasiga kelib qoldi desak, hato boʻlmaydi. Yuqorida keltirgan masala va muammolarni koʻplab keltirishimiz mumkin. Milliy mumtoz musiqamiz va uni rivojlanishida yuqoridagi muammolar ham toʻsqinlik qilmoqda. Muammolarni yechimini hal etish bu dolzarb hisoblanadi. Bu borada taklif va tavsiyalarni koʻrsatib oʻtishimiz kerak. Birinchidan: kadrlar tayyorlash va ularni malakasini oshirish tizimini tubdan isloh qilish; musiqa va sanʻat maktablari tizimidagi kadrlarni tayyorlashdagi oʻrta boʻgʻin hisoblangan; kasb-hunar taʻlimi tizimidagi oʻquv muddatini qayta koʻrib chiqish taklifi; taʻlim jarayonida mutaxassislik fanlaridagi oʻquv soatlarini koʻpaytirish. Ikkinchidan: musiqiy adabiyotlarni chop etish va ularni sifat darajasini oshirish; har bir milliy cholgʻu soziga bagʻishlangan adabiyotlarni koʻpaytirish; maqom usullariga, oʻzbek milliy usullariga bagʻishlangan, maqom ijrochiligi uslubidagi mahoratni oshiruvchi mashqlar toʻplamlarini chop etish; Yu.Rajabiy notaga yozib F.M.Karomatov tahriri ostida 1966 yildan boshlab chop ettirilgan 6-jildlik “Shashmaqom” kitoblarini asl koʻrinishida qaytadan chop ettirilish; milliy cholgʻu sozlari yasash va ularni taʻmirlash toʻgʻrisidagi turli adabiyotlarni chop etish. Uchinchidan: cholgʻu sozi yasash tizimini tubdan isloh qilish; cholgʻu ustalarining markazlashtirilgan malaka oshirish kurslarini tashkil etish. Va ularni malakasini oshirish; cholgʻu sozlarini yasashga moʻljallangan markazlashgan fabrikasini tashkil etish va ularga mohir ustalarni jalb etish; musiqa va sanʻat sohasidagi taʻlim berish muassasalaridagi boʻlimlar qatoriga cholgʻu yasash va ularni taʻmirlash boʻyicha ustalarni tayyorlash, ularni jamiyatga yetkazib berishni taʻminlash va tashkillashtirish; milliy cholgʻu sozlari sifat darajasi va standartini ishlab chiqish. Respublika va dunyo miqyosida ham cholgʻu sozlarimiz oʻrni va obroʻ-eʻtiborini koʻtarish; respublika va viloyatlar miqyosida musiqa cholgʻulari yasash va ularni taʻmirlash ustaxonalarini tashkil etish va mohir ustalarni jalb etish. Toʻrtinchidan: taʻlim jarayonida har bir mutaxassisilik sinflariga axborot kommunakasion texnologiyalari asosida yangi jixozlar bilan taʻminlash; televidenie, radio va axborot tarqatuvchi vositalar orqali milliy musiqamizni aks ettiruvchi koʻrsatuv va eshittirishlarni koʻpaytirish. respublika, viloyat va shaharlar miqyosida televidenie va radiolarda milliy cholgʻularga bagʻishlangan maxsus koʻrsatuvlarni bepul tashkillashtirish; respublika televideniesida viloyatlarda faoliyat olib borayotgan maktab va ularda taʻlim berayotgan ustoz-shogirdlarning ijodiy faoliyatlarini bepul yoritish; yoshlarni milliy musiqaga, qadriyatlarimizga boʻlgan eʻtiborini yanada kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etish; koʻrik-tanlov, festivallarni tashkil etish, ularni saviyasi, obroʻsi va ahamiyatini oshirish; viloyatlardagi musiqa va sanʻat maktablarida taʻlim oluvchilar uchun mohirlik darajasiga erishgan ustozlarni, ustoz-shogird anʻanalariga tayangan holda mahorat maktablarini tashkil etish. Mahorat maktablariga halq orasida mashhur va maʻlum sozandalarni va xonandalarni jalb etish. Milliy musiqa sanʻatida daholik darajasiga erishgan ustoz sozanda va xonandalarlar ijodiga va ularni faoliyatlariga bagʻishlangan kechalarni respublika va viloyatlar miqyosida tashkil etish. (Masalan: Yu.Rajabiy, F.Sodiqov, J.Sultonov, K.Otaniyozov va hokazolar). Bastakorlik anʻanalarini rivojlantirish. Ustoz bastakorlarni asarlarini targʻib qilish va tanlovlar oʻtkazish. Yuqoridagi masalalar, ular yuzasidan berilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, koʻrib chiqilib, bu borada ishlar olib borilsa, milliy musiqa sanʻatimizda rivojlanish va yangi yutuq va natijalarga erishamiz deb oʻylaymiz. FOYDLANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI