ilmiy@fdu.uz Fargʻona, Oʻzbekiston

“YANGI AVLOD ILMIY TADQIQOTLARI” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi

XIV ASRNING 40-60-YILLARIDA MOVAROUNNAHR SIYOSIY ELITASI.

Karimov, Odilbek Raximjonovich

O‘zbekiston Respublikasi IIV Farg‘ona akademik litseyi tarix fani o‘qituvchisi. FarDU, mustaqil tadqiqotchisi

2026-06-26 · pp. 123–126 · DOI: 10.5281/zenodo.21742388 · UDK 32

Annotatsiya

Ushbu maqolada XIV asrning 40-60-yillaridagi Movarounnnahrning siyosiy siyosiy vaziyatga ta’sir ko‘rsatgan siyosiy qatlam vakillari, ularning ushbu jarayonlarga munosabatlari hamda ushbu voqealarda ishtirok etgan elita qatlamning kelib chiqishiga qisman e’tibor qaratilgan.

Kalit so'zlar: Qoraunas, barlos, qabila, yasavuriy, amir Qazag‘an, amir Husayn, Bayon Sulduz, siyosiy elita, orlot. XIV asrning 40-yillarida Chig‘atoy ulusi ikki qismga bo‘linib ketdi. Chig‘atoy ulusining g‘arbiy qismi bo‘lmish Movarounnahrda hokimiyat amalda mahalliy turkiy qabilalar qo‘liga o‘tdi. Ularning qatnashchilaridan biri amir Qazag‘an hokimiyatni qo‘lga kiritib, qo‘g‘irchoq xonlar orqali davlatni boshqardi. Bu aslida XIV asrning 1-yarmida Movarounnahrda yuz bergan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning siyosiy hayotdagi innikosi edi. Bizga ma’lumki, Chingizxon boshchiligidagi mo‘gullar O‘rta Osiyoni zab etganlaridan so‘ng, ko‘plab turk-mo‘g‘ul qabilalari Movarounnahrga kelib joylashdilar. XIV asrning birinchi yarmiga kelib, ularning katta qismi o‘troqlashdi va batamom turklashdi. Buning natijasida ushbu ko‘chmanchi qabilalarning sardorlari mahalliy aristokratiya bilan birlashib ketdi, natijada, ularning manfaatlari Chig‘atoy ulusining markazidagi ko‘chmanchi mo‘g‘ul zodagonlari manfaatlariga zid kelib qoldi. Shunday qilib, Movarounnahrda mustaqil davlat tuzishdan manfaatdor bo‘lgan siyosiy elita shakllandi. U elita tarkibini asosan, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi qabilalarning sardorlari yoki shu qabilalardan chiqqan harbiy yetakchilar tashkil etardi. Biz quyida Amir Temur siyosiy faoliyati arafasidagi siyosiy elita tarkibini qabilalar negizida ko‘rib chiqamiz. Tanlab olingan masalani tadqiq etishda Nizomiddin Shomiy, Muiniddin Natanziy, Sharafuddin Ali Yazdiy, Fasix Havofiy, Ibn Arabshoh va boshqa muarrixlarning asarlariga tayanildi. XIV asrning 40-60-yillarida Movarounnahr siyosiy hayotida qoraunaslar, barloslar, sulduzlar, jaloyirlar, yasavuriylar, apardilar, orlotlar va boshqa turkiy qabila vakillari asosiy o‘rinni tashkil etgan. Qoraunaslar – Natanziyning “Muntahab ut-tavorixi Muiniy” asarida keltirilishicha, Movarounnahrdagi turkiy qavmlardan biri [2: 44]. Amir Qazag‘an, amir Abdullo, amir Husayn hamda uning o‘g‘illari Sayyid va Navro‘z Sulton, Jahon Malik va Xalil Sultonlar ushbu qavmning o‘rganilayotgan davrdagi yetakchilari hisoblanadi. Amir Qazag‘an XIV asrning 40-50-yillarida Movarounnahrda katta siyosiy ta’sirga ega bo‘lgan amirlardan biri. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida ushbu amir haqida qisqa ma’lumotlar ketirib o‘tilgan. Asarda uni Qazon sultonga qarshi kurashganligi haqida ma’lumot ketirilmagan. Uning Chig‘atoy ulusida hokimiyat Donishmandacha va Bayonquli qo‘lida bo‘lganda mamlakat ishlarini yuritishga boshchilik qilganligi, raiyat va qo‘l ostidagilarni farvonlikda tutganligi, ko‘p vaqtini qush solib ov bilan o‘tkazganligi va shu ovlardan birida Uranatiyon qabilasidan bo‘lgan Qutlug‘ Temur tomonidan o‘dirilganligi bayon etilgan [1: 27, 403]. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida bo‘lsa, u haqida kengroq ma’lumot berilgan. Xususan, asarda uning tashqi siyosiy faoliyatiga e’tibor qaratilgan. Asarda asosan, amir Qazag‘anning Hirot hokimi bilan munosabatlar keng yoritilgan. Shuningdek, asarda muallif uni Chig‘atoy amirlaridan biri ekanligi, 1346-yilda Movarounnahrda chig‘atoy xonlaridan hokmiyatni tortib olganligi ta’kidlangan [3: 15-19, 314]. Yana bir o‘sha davr tarixchilaridan Muiniddin Natanziyning “Tarixi Muiniy” asarida esa, amir Qazag‘anning ichki siyosiy faoliyati haqida boshqa manbalarga qaraganda kengroq ma’lumotlar berilgan. Lekin uning kelib chiqishi haqida asrada ma’lumot keltirilmagan [2: 6-38]. Qoraunaslarning yana bir yirik amirlaridan biri amirzoda Abdullohdir. Amir Qazag‘an o‘ldirilgandan keyin hukmronlik qildi. Muniniddin Natanziyning “Tarixi Muiniy” asarida ketirilishicha, amirzoda Abdulloh bir yilcha hukmronlik qilgandan so‘ng, Chig‘atoy ulusida har toifaning o‘z hukmdori paydo bo‘ldi, ya’ni har bir qabila bir odamni o‘ziga bosh qilib, fitnayu g‘alayonlar ko‘tardilar. Chunonchi, sulduz qavmiga, amir Bayon, jaloyir qavmiga amir Boyazid bosh bo‘ldi va Kesh va Naxshab lashkarlarini Hojibek Barlos, yasavur qavmini amir Xizr, Andxo‘y va Shibirg‘onni Hamidxoja nayman o‘z qo‘llariga oldilar. Amir Qazag‘an avlodlari Kobul va G‘aznaga ravona bo‘ldilar [2: 45]. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida esa amir Abdulloh tomonidan Bayonqulixon qatl etilgandan so‘ng, Bayon Sulduzning Hisordan qo‘shin yig‘ishtirib, Samarqand sari kelganligi, Kesh viloyatida Hoji Barlos ibn Nuralqi ibn Namula ibn yasu Munka ibn Qorachor No‘yon qo‘shini bilan qo‘shilganligi, natijada amir Abdulloh qo‘shini yengilib qochganligi bayon etilgan [2: 19]. Amir Temurning siyosiy faoliyati arafasida Movarounnar siyosiy hayotida katta nufuzga ega bo‘lgan qoraunaslarning amirlaridan biri Amir Husayn edi. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, Husayn ibn Musallo ibn Qazag‘anbek. Amir Temurning qaynog‘asi va Movarounnahrda hokimiyat uchun kurashda asosiy raqibi. U amir Qazag‘anning nabirasi erdi. Amir Husaynning otasi Amir Musallo Qazag‘anning katta o‘g‘li edi. Movarounnahrda amir hamda beklar o‘rtasidagi o‘zaro hokimiyat uchun kurashlar avjiga chiqishidan oldinroq vafot etgan edi. Amir Husayn Qazag‘an va Abdullohlar tirikligida Afg‘oniston va Amudaryo bo‘ylarida hokimlik qilar edi. Ularning vafotidan so‘ng Movarounnahr taxtiga da’vogarlik qila boshlaydi [2: 19, 315]. Muiniddin Natanziyning “Tarixi Muiniy” asarida Ali Yazdiydan farqli ravishda uning nasabini Husayn ibn Musammi ibn amir Qazag‘an ko‘rinishida keltirib o‘tgan [2: 46]. O‘sha davr muarrixlarining asarlarida amir Husaynning harbiy-siyosiy faoliyati, Movarounnahr taxtini egallash yo‘lida Amir Temur bilan ba’zan ittifoqlik rishtalarini bog‘laganligi va buning natijasida mo‘g‘ullarning jeta qo‘shinlari ustidan bir necha bor zafar qozonganlari, ba’zan esa o‘zining toju-taxtga bo‘lgan xirsi hamda kaltabin siyosati natijasida ko‘plab muvafaqiyatsizlikka uchraganligi yakunda esa taqdiri halokatli tugaganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. XIV asrning 40-60-yillarida, Movarounnahrning siyosiy hamda harbiy hayotida katta ta’sirga ega qavmlardan yana biri barloslardir. Bu davrdagi barloslarning ko‘zga ko‘ringan vakillari Hoji barlos, Amir Temur, Joku Baros, Tog‘ay Bug‘a barlos, Siddiq barlos, Jaloliddin barlos hamda Hinduka barloslar hisobanadi. Barloslarning o‘sha davrdagi yirik amirlaridan biri amir Hojibek barlos hisoblanadi. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida 1359-1360-yillarda amir Hoji barlos Bayon Sulduz bilan birga amirzoda Abdullohga qarshi kurash olib borganligi va Movarounnahrda hokimiyatni o‘z qo‘llariga olganligi ta’kidlangan. Shuningdek, asarda uni 1361-yilda o‘dirilganligi ta’kidlangan [1: 28, 403]. Shu bilan birga, o‘sha davr muarrixlarining asarlarida Hoji barlos haqida yetarli darajada ma’lumotlar bayon etilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Amir Hoji barlosning nasabi haqida ma’lumot keltirilgan bo‘lib, Hoji Barlos ibn Nurqali ibn Namula ibn Yasu Munka ibn Qorachor No‘yon – Amir Temurning qarindoshi va barloslar urug‘ining o‘sha davrdagi yirik amiri ekanligi bayon etilgan [3: 18, 316]. Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Temur” asarida Amir Temurni nasabi haqida ma’lumot keltirilib, Temur ibn Tarag‘ay ibn Abag‘ay deb zikr qilingan. O‘sha davr muarrixlaridan farqli o‘laroq Ibn Arabshoh o‘z asarida Amir Temurning tug‘ilgan joyini Xo‘ja Ilg‘or deb atalgan qishloqdan ekanligi ta’kidlangan [5: 68]. Barloslarning bu davrdagi yirik vakillaridan biri Amir Temur hisobanadi. O‘rganilayotgan davrda Movarounnahr siyosiy hayotida yetakchilikni o‘z qo‘llariga olish uchun barloslar boshqa qavmlar bilan goh o‘zaro ittifoqchi sifatida, goh esa raqib sifatida faoliyat olib borganligini ko‘rishimiz mumkin. XIV asrning 40-60-yillarida Movorounahr siyosiy hayotida katta nufuzga ega bo‘lgan qavmlarda yana biri sulduzlardir. Sulduzlarning bu davrdagi yirik amirlari Amir Bayon Sulduz, Uljay Bug‘a Sulduz, Tug‘luq Sulduz, Mangli Bug‘a Sulduz Shayx Muhammad Sulduzlardir. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishcha, turklarning sulduz urug‘i Markaziy Osiyoga mo‘g‘ullar bilan kelib, Termizdan sharqroqda Amudaryoning ikki sohili bo‘ylab o‘rnashib ko‘chib yurgan va o‘zbeklarning tarkibiga kirgan. Bayon Sulduz shu urug‘ning o‘sha davrdagi eng yirik amirlaridan edi [3: 315]. Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida keltirilishicha, Bayon Sulduz 1361-1362-yillarda Tug‘luq Temrxon tomonidan qo‘lga olinganligi va qatl etilganligi ta’kidlangan [4: 89]. Shuningdek, bu davr Movarounnahr siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan qavmlardan jaloyirlarni, yasavuriylarni apardilarni, dulg‘otlar hamda orlotlarni ham sanab o‘tishimiz mumkin. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, jaloyirlar asli kelib chiqishi mo‘g‘ul bo‘lib, bu davrga kelib ular to‘la turklashgan edi. Jaloyirlarning yana bir yirik qismi Amir Temur davrida Iroqda bo‘lib, u yerda mamlakat va hokimiyat ularning qo‘lida bo‘lgan [3: 316]. Jaloyirlarning bu davrdagi ko‘zga ko‘ringan amirlari Boyazid va Bahrom jaloyirlar hisoblanadi. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida keltirilgan ma’lumotlrga qaraganda amir Boyazid Jaloyir Tug‘luq Temurxon buyrug‘iga ko‘ra 1363-yilda qatl etilganligi bayon etilgan [1: 415]

To'liq matn (PDF)

Havola nusxalandi