“YANGI AVLOD ILMIY TADQIQOTLARI” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
SOVET DAVRIDA SURXONDARYO VILOYATI QISHLOQ JOYLARIDA TIBBIY XIZMAT KO‘RSATISHNING ASOSIY MUAMMOLARI (1940–1960-yy.)
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti tadqiqotchisi
Annotatsiya
Mazkur tezisda 1940–1960 yillarda Surxondaryo viloyatida qishloq tibbiyot muassasalarining holati, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar bilan ta’minlanish darajasi tahlil qilingan. Sovet davrida sog‘liqni saqlash tizimining ekstensiv rivojlantirilishi, sifat ko‘rsatkichlaridan ko‘ra miqdorga e’tibor qaratilishi oqibatida viloyatdagi tibbiy muassasalarning 70 foizi moslashtirilgan binolarda joylashtirilganligi, ularning zamonaviy tibbiy texnika bilan ta’minlanmaganligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, viloyatda oliy ma’lumotli shifokorlarning asosan shahar va tuman markazlarida ishlagani, qishloq aholisi asosan o‘rta tibbiy xodimlar tomonidan xizmat ko‘rsatilishing pastligi yoritilgan.
Kalit so'zlar: qishloq tibbiyoti, feldsher-akusherlik punkti (FAP), davolash o‘rinlari, shifokorlar taqchilligi, ambulatoriya xizmati, qishloq uchastka shifoxonasi, tibbiy kadrlar. Sovet davrida hukumatning sog‘liqni saqlash sohasida olib borgan siyosati boshqaruvining ma’muriy buyruqbozlik tizimiga tayangan bo‘lib, uning negizida markaz manfaatlari yotar edi, shu tufayli tibbiyot istiqbolini belgilashda O‘zbekistonning janubiy viloyatlari, xususan, Surxondaryo viloyati iqlim sharoitlari va o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinmadi. Mamlakatda sog‘liqni saqlash tarmog‘i ekstensiv rivojlantirilib, uni baholashning asosiy mezoni o‘rinlar, tibbiy xizmat xodimlari soni bilan o‘lchandi. Ittifoq davolash o‘rinlari va shifokorlar soni bo‘yicha dunyoda eng oldingi o‘rinlardan birini egallagan bo‘lsa-da, ammo tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi rivojlangan mamlakatlardan ancha orqada qoldi. Sog‘liqni saqlash tarmog‘ini rivojlantirishda ishning sifatiga zarar bo‘lsa ham, miqdor ko‘rsatkichi ketidan quvishga berilib ketildi. Davolash muassasalari va o‘rinlarining ekstensiv rivojlantirilishi budjet sarfi bilan bog‘liq edi. Natijada 70 foiz shifoxonalar moslashtirilgan va tor binolarda joylashtirildi. Respublika Ministrlar Soveti, mahalliy sovetlar kasalxonalarni ishga tushirish davlat rejasini qanday qilib bo‘lmasin ta’minlash maqsadida, sog‘liqni saqlash tashkilotlari roziligi bilan o‘ziga xos qo‘shib yozish yo‘lidan borib, yotoqxonalarda, uy-joy binolarida va shu kabi qulayligi bo‘lmagan joylarda kasalxonalar tashkil etdilar. Eski kasalxonalarni qayta tiklash va ta’mirlash ishlari ko‘p hollarda unitib qo‘yildi. Moslashtirilgan binoda joylashgan shifoxona muassasalarida zamonaviy tibbiy texnika va apparatlar qo‘llanilmaganligi tufayli bemorlarni tekshirish va davolash ishi yetarli darajada olib borilmadi. O‘zbekiston aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam boshqa respublikalarga nisbatan ancha past edi. Masalan, davolash o‘rinlarini aholi jon boshiga hisoblaganda, O‘zbekiston bilan Ittifoq o‘rtasida juda katta farq borligi ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, Surxondaryo viloyatiga ajratilgan davolash o‘rinlari juda kam edi. 1940 yilda Ittifoqda har 10 ming aholiga davolash o‘rni 40,2 taga to‘g‘ri kelib, bu ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatiga 20,4 tani tashkil etgan. Oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlarining 80 foizi shahar va tuman markazlarida ish olib bordi. Ma’lumki qishloq aholisiga asosan o‘rta tibbiy xodimlar xizmat ko‘rsatgan edi. 60 foiz qishloq aholisi tibbiy yordamni o‘zlari yashab turgan joydan olganliklarini hisobga olsak, ularga ko‘rsatilgan tibbiy xizmat darajasining qanchalik pastligini tasavvur qilish qiyin emas. Sovet davrida O‘zbekiston qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan ambulatoriya xizmati hajmi shahar aholisiga nisbatan 2,4 marta orqada edi. Masalan, qishloqda yashovchi kishi ambulatoriyaga shifokor huzuriga 5 marta qatnagan bo‘lsa, shaharda bir kishi poliklinikaga 12 marta qatnadi. Ambulatoriya-poliklinika binolari qurilishi ishi rejasi to‘la bajarilmadi. O‘zbekiston aholisining 65 foizdan ko‘prog‘i qishloq joylarda istiqomat qilishi, respublika tuman va qishloqlarida sog‘liqni saqlash tarmog‘i ishiga alohida jiddiy e’tibor berishni talab qildi. Qishloqlarda tibbiy xizmatni asosan feldsher-akusherlik punkti (FAP), qishloq uchastka shifoxonasi va tuman markaziy shifoxonalari amalga oshirdi. Qishloq aholisi hayotida FAP alohida o‘rin tutib, unda asosan feldsher va akusher (doya) faoliyat yuritadi. Bu xizmat tarmog‘i asosan 300 – 800 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda 1 tadan feldsher va doya aholiga tibbiy yordam ko‘rsatdi. U yerda birlamchi ko‘rik, birinchi yordam, emlash, homilador ayollar nazorati amalga oshiriladi. Shuningdek, og‘ir bemorlar yuqori bo‘g‘inlarga (qishloq uchastka shifoxonasi yoki tuman markaziy shifoxonasiga) yo‘naltirilgan. Ular davolash – tug‘ruq, profilaktika, epidemiyaga qarshi kurash, aholini dispanser ro‘yxatiga olish, sanitariya maorifi kabi ishlari bilan ham shug‘ullangan. Mamlakat miqyosida FAPlar sonini ko‘paytirishga e’tibor berilgan bo‘lsa-da, ularni moddiy texnika ta’minotini mustahkamlash borasidagi muammolar hal qilinmay qolib ketaveradi. FAPlari moddiy tehnika ahvolining nochorligi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning yetarlicha amalga oshirilmasligiga sabab bo‘ladi. 1946 yil Surxondaryo viloyatida yuzga yaqin FAPlari faoliyat ko‘rsatdi. Aksariyat qishloq uchastka shifoxonalari va FAPning qulayliklariga ega bo‘lmagan binolarda joylashtirilgan edi. Aksariyat tumanlarning FAPlariga ba’zi yillarda qattiq inventarlar uchun deyarli mablag‘ ajratilmadi. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida reja bo‘yicha ochilishi mumkin bo‘lgan qishloq uchastka shifoxonalarining ayrimlari turli xil sabab va bahonalarni ro‘kach qilib umuman ishga tushirilmadi. Surxondaryo viloyatida ham shu kabi holat kuzatildi. 1955-yil mazkur viloyatdagi 71 ta qishloq uchastka shifoxonasidan bir nechtasi turli xil sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmadi. Shifokorlar tanqisligi nafaqat qishloqda, balki shaharlarda ham sezildi. Jumladan, 1957 yilda Termiz shahriga ajratilgan 187 ta shifokor shtatida 85 kishi ishladi. Tuman qishloqlarining shifokorlar bilan ta’minlanishi juda achinarli ahvolda bo‘lib, Sho‘rchi tuman davolash muassasalari shifokorlar bilan 32%, Sherobod tumani esa 29,1% ta’minlangan, xolos. Umumiy xulosa qilsak, 1940–1960 yillarda Surxondaryo viloyatida qishloq tibbiyoti muassasalarining holati bir qator jiddiy muammolar bilan xarakterlanadi. Markazning ekstensiv rivojlanish siyosati, sifat ko‘rsatkichlarining miqdoriy ko‘rsatkichlarga qurbon qilinishi, viloyatning iqlim va geografik xususiyatlarining e’tibordan chetda qolishi tibbiy xizmat darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Qishloq aholisi tibbiy o‘rinlar, shifokorlar va zamonaviy tibbiy texnika bilan yetarlicha ta’minlanmagan. FAP va qishloq uchastka shifoxonalarining moddiy-texnik bazasi juda kuchsiz bo‘lib, ularning aksariyati moslashtirilgan binolarda joylashgan edi. Ambulatoriya xizmatiga murojaat qilish darajasi shaharlarga nisbatan ikki baravardan ko‘proq past bo‘lgan. 60 foidan ortiq qishloq aholisi tibbiy yordamni o‘z yashash joyida olishiga qaramay, bu yordamning sifati va qulayligi talab darajasida emas edi. Shu bois, viloyat qishloq tibbiyoti muassasalarini moddiy-texnik jihozlash, kadrlar bilan ta’minlash va boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora- tadbirlar zarurligi tarixiy tajriba sifatida xulosa qilinadi